"Wakil AI" platformasidan foydalanish bo'yicha trening o'tkazildi
"Madad" nodavlat notijorat tashkilotida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish va huquqiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Wakil AI platformasidan foydalanish bo‘yicha amaliy trening tashkil etildi.

Trening davomida platforma mutaxassislari tomonidan ushbu tizimning imkoniyatlari, undan samarali foydalanish usullari hamda huquqiy faoliyatda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi.
Maʼlum qilinishicha, Wakil AI – bu sunʼiy intellekt asosida ishlovchi zamonaviy huquqiy platforma bo‘lib, foydalanuvchilarga qonunchilik bo‘yicha savollarga tezkor javob olish, huquqiy maʼlumotlarni izlash hamda hujjatlar bilan ishlash jarayonlarini soddalashtirish imkonini beradi. Platforma O‘zbekiston qonunchiligi asosida ishlaydi va foydalanuvchilarga huquqiy masalalar bo‘yicha tez va qulay axborot olish imkonini yaratadi.

Trening jarayonida tashkilot xodimlari platformaning quyidagi imkoniyatlari bilan tanishtirildi:
- huquqiy savollarga sunʼiy intellekt orqali tezkor javob olish;
- qonunchilik hujjatlarini tezkor izlash;
- huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va ulardan samarali foydalanish;
- huquqiy faoliyatda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish.
Mazkur trening “Madad” NNT xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish, fuqarolarga ko‘rsatiladigan huquqiy yordam sifatini yana-da yaxshilash hamda zamonaviy texnologiyalarni huquqiy xizmatlar sohasiga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Madad” nodavlat notijorat tashkiloti kelgusida ham huquqiy xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida innovatsion va raqamli platformalardan foydalanishni davom ettiradi.
